Afgʻonistondagi vaziyat haqida

Juda koʻp odamlar davlat targʻiboti, feyk xabarlarga mahliyo boʻlib qolishgan, ikkinchi tomonni umuman eshitishmaydi. Televizor, radio, shuningdek, pul uchun ketiniyam sotadigan "mustaqil" blogerlar nima desa, oʻshanga ishonib ketaverishadi…

Fors alifbosini yaxshi bilishim sabab, afgʻonistonliklar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri mashvarat qila olaman. Koʻpchilik afgʻonistonliklar toliblarni quvvatlaydi, gʻarbga sotilgan, boʻgʻzigacha korrupsiyaga botgan qoʻmondon-u siyosatchilarga qarshi nafrat hissi bor ularda. Maydoni Oʻzbekistondan qariyb bir yarim baravar katta mamlakatning bir-ikki hafta ichida urushsiz qoʻlga kiritilishi, aslida, fikrlash qobiliyatini yoʻqotmagan odam uchun yetarli ma'lumot boʻlishi kerak edi. Lekin, bizning ishonuvchan xalq baribir aytganidan qolmaydi.

Bir tomondan, toliblarni Samarqand-u Toshkentga mehmon qilib, rasmiy uchrashuvlar oʻtkazib, boshqa tomondan, barcha OАV tomonidan zoʻr berib, ularga eskirib ketgan yorliqlar yopishtirilayotganini kuzatish gʻalati koʻrinadi.

Аfgʻonistondagi man guvohi boʻlayotgan asl vaziyat shuki, xalq urushlardan charchagan, undan ham koʻproq — sotqin va poraxoʻr rahbarlardan bezor boʻlgan. Biri buyuk Turkiston quraman deydi, boshqasi — ozod Xuroson, bir qismi Аmerikadan yordam puli olib, oʻziga qasrlar quradi, boshqasi — Oʻzbekiston va Turkiyadan... Xullas, 20 yil ichida xalqning aksar qismi ("hammasi" demayman), Tolibon rejimi bulardan ancha odilroq boʻlgan ekan, degan xulosaga keldi.

Tolibonning asosiy qismi — pushtunlar boʻlib, ularning soni Pokistonda ham anchani tashkil etadi. Shu jihatdan va boshqa sabablarga koʻra, Pokiston qaysidir darajada toliblarga yordam berdi, albatta. Pokiston — aholisi 200 mln. kishidan ortiq, jiddiy harbiy salohiyatga ega davlat. Buning ustiga, yadroviy qurolga ega. Shuning uchun, bizning odamlarga qanchalik gʻalati tuyulmasin, na Аmerika, na Rossiya, na Eron ularga qarshilik koʻrsatib, boshiga ulkan muammolar orttirishni xohlamaydi. Bundan Pokiston rahbarlari ustalik bilan foydalana olishdi.

Qisqasi, Tolibon harakatining Аfgʻonistonda boshqaruvga qayta kelishi uchun har tomonlama sharoit tayyor boʻlib, vaziyat pishib yetgan edi. Аmerika buni oldindan payqab, juftakni rostlab qoldi. Bayden prezident boʻlishidan keyin, boshqa mamlakatlarga demokratiyani kuch bilan eksport qilishni bas qilishga va'da bergan edi. Bu ularga toʻsatdan insof kirib qolganidan darak emas, albatta. Ikki yildan beri davom etib kelayotgan koronavirusdan yetayotgan iqtisodiy zararlar mavjud xarajatlarni keskin kamaytirishni taqozo etadi, amerikaliklar shunga harakat qilishyapti.

Vaziyat oʻnglanib, dunyo iqtisodiyoti yana iziga tusha boshlasa, ishonchim komil, amerikaliklar yana eski siyosatga qaytadi. Lekin, endi Аfgʻonistonga yana burun suqishdan oldin, yetti marta oʻylab koʻrishlariga aminman. Bu — Аfgʻoniston xalqining istiqloliyat gʻalabasidir!

Comments